Orolboʻyi ekotizimini mustahkamlash hamda hududning eksport salohiyatini oshirish maqsadida
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi,
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ),
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamkorligida yirik loyiha –
"Qoraqalpogʻiston sharoitida kunjut navlarini tanlash va dastlabki urugʻchilikni tashkil etish" loyihasini amalga oshirishga kirishdi.
Loyihaning asosiy maqsadi – mintaqaning agroiqlimiy sharoitlariga moslashtirilgan, eksportbop, yuqori hosildor kunjut navlarini yaratishdir. Kunjut – dunyodagi eng qimmatli moyli ekinlardan biri boʻlib, uning urugʻida 68% gacha moy, 22% oqsil va 18% gacha eriydigan uglevodlar mavjud. Kunjut yogʻi oziq-ovqat sanoatida ham, kosmetika sohasida ham katta talabga ega. Mazkur ekin 1 gektardan 30–35 million soʻmgacha daromad olish imkonini beradi.
Loyiha doirasida 30 dan ortiq davlatdan 218 ta kunjut namunasi olib kelingan boʻlib, ular asosida mintaqaviy sharoitlarga mos, raqobatbardosh navlarni yaratish boʻyicha tanlab olish ishlari olib borilmoqda. Ayniqsa, mexanizatsiyalashtirilgan yigʻim-terimga mos navlarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maxsus tanlab olingan navlar qobiqchasining yorilishga chidamliligi va bir maromda yetilishi bilan ajralib turadi.
Loyiha nafaqat agrar, balki iqtisodiy ahamiyatga ham ega. Kunjut mahsulotining xalqaro bozorlarda yuqori talabga ega ekanligi hisobga olinib, hududning eksport salohiyatini oshirish va qoʻshimcha valyuta tushumlarini jalb qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, loyiha doirasida Orolboʻyi innovatsiya markazining ilgʻor tajribasini fermer xoʻjaliklari orasida keng yoyish, hududda barqaror qishloq xoʻjaligi rivojini ta’minlash, aholi bandligini oshirish va iqlim oʻzgarishlariga moslashuvchanlikni kuchaytirish koʻzda tutilgan.[wds id="272"]