Tadbir davomida 26 000 tup saxaul ko‘chatlarini ekish boshlandi. Nestlé ko‘magida Orolning qurigan tubiga 11 000 tup ko‘chat ekildi, Siberian Wellness jamoasi esa Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi bilan hamkorlikda yana 15 000 tup ko‘chat ekishni ta’minladi. Natijada, Orolning qurigan hududidagi yashil maydonlar yana 26 gektarga kengaydi. Hamkorlarning bunday faolligi nafaqat mintaqani tezkor ko‘kalamzorlashtirishga xizmat qilmoqda, balki biznesning tabiatni asrash va Orolbo‘yi kelajagi uchun mas’uliyatli yondashuvini namoyish etmoqda.
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining Siberian Wellness va Nestlé kompaniyalari bilan hamkorligi Orolbo‘yi ekotizimini tiklash bo‘yicha uzoq muddatli strategiyaning muhim qismi bo‘lib bormoqda. Keng ko‘lamli saxaul ekinlari chang bo‘ronlari intensivligini kamaytiradi, qumli tuproqlarni barqarorlashtiradi hamda kelajakdagi yashil maydonlar uchun muhim zamin yaratadi. Bu esa mintaqa mikroiqlimini yaxshilab, aholining hayot sifatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Siberian Wellness va Nestlé kompaniyalarining Orolning qurigan hududida o‘tayotgan ekologik tashabbuslarda muntazam ishtirok etishi yaxshi an’anaga aylanmoqda. Bu kompaniyalar har yili Orolbo‘yi tabiatini tiklash, aholining salomatligini asrash borasida chuqur sadoqatini namoyon etib kelmoqda. Ularning izchil ko‘magi mintaqaning ekologik kelajagi uchun yuqori ijtimoiy mas’uliyat va uzoqni ko‘ra biluvchi yondashuvni tasdiqlaydi.
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi Siberian Wellness va Nestlé kompaniyalariga ko‘rsatgan tashabbusi, mintaqa flora va faunasini tiklashga qo‘shgan ulkan hissasi hamda aholi va kelajak avlodlar salomatligi uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar uchun chin dildan minnatdorlik bildiradi![wds id="301"]