Buyuk Britaniyaning turizmga ixtisoslashgan “Bradt Guides” nashriyoti 2023-yilda sayohat qilish uchun tavsiya etilgan dunyoning eng noyob turistik hududlar ro‘yxatini e’lon qildi. Quvonarlisi, Chili, Kosta-Rika, Isroil, Estoniya va boshqa sayyohlarni jalb qiluvchi noyob maskanlardan iborat bo‘lgan ushbu ro‘yxatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi ham kiritildi. Ta’kidlash joizki, “Bradt Guides” ekspertlari Mo‘ynoq tumanida yangi aeroportning ishga tushishi va kelgusida tezyurar poyezdlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida Qoraqalpog‘istonga borish yanada qulay bo‘lgani, Markaziy Osiyodagi eng yirik elektron musiqiy festivalning o‘tkazilishi, Sahrodagi Luvr muzeyining dunyoga mashhur avangard kolleksiyasi, shu bilan birga, tungi osmonning eng qorong‘i zonasi va uning ostida joylashgan o‘tovlar majmuasini alohida ta’kidlab o‘tishgan. Bundan tashqari, maqolada Qoraqalpog‘istonga “Orol dengizining vatani” deya alohida ta’rif berilgan. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-aprelda qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, hududning turistik salohiyatini to‘liq namoyish etuvchi turistik xaritalarni (Guidebook) ishlab chiqish, nashr etish va bepul tarqatish vazifasi belgilangan. Shu bois Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida “Bradt Travel Guides” nashriyotida Qoraqalpog‘iston bo‘yicha turistlar uchun qo‘llanma ishlab chiqish loyihasi amalga oshirilmoqda. Qayd etish joizki, loyiha doirasida 2022-yilda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi Sofi Ibbotson va OAV vakili Stefani Adams uchun Qoraqalpog‘istonning bir qator turistik obyektlari bo‘ylab press-tur tashkil etilgan edi.
2022-yilning yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistonga 5,2 million xorijiy fuqaro turizm maqsadida kelgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,4 million kishiga yoki 2,8 barobarga oshgan.
2022-yilda qaysi davlat fuqarolari O‘zbekistonga turizm maqsadida eng ko‘p tashrif buyurgan?
Qozog‘iston – 1551,1 ming
Tojikiston – 1447,8 ming
Qirgʻiz R. — 1356,9 ming.
Rossiya – 567,7 ming
Turkiya – 75,6 ming
Janubiy Koreya – 19,9 ming
Germaniya – 17,7 ming
Hindiston – 16,8 ming
AQSh – 13,1 ming
Frantsiya – 11 ming.
Buyuk Britaniya – 10,5 ming
Ozarbayjon – 10,4 ming
Italiya – 8,8 ming
Ispaniya – 6,3 ming
Xitoy – 5,4 ming
Источник информации: https://uzbektourism.uz/ru/news/view?id=2579