O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 23 sentyabrdagi Nyu-York shahridagi BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqi mamlakatimiz nufuzini yanada oshirdi va jahon hamjamiyati oldida turgan eng dolzarb geosiyosiy, iqtisodiy, ta’lim, ijtimoiy va ekologik muammolarga bag‘ishlandi. Davlatimiz rahbari jumladan ekologik muammolar bo‘yicha tobora keskin tus olayotgan iqlim o‘zgarishi, suv resurslari taqchilligi va iqlim migratsiyasi masalalariga alohida to‘xtalib, ularni hal etish uchun aniq tashabbuslarni ilgari surdi.
«Jumladan, Prezidentimiz Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari insoniyat taqdiri bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidlab, bu hududni qayta tiklash ishlari izchil davom etayotganini bildirdi. So‘nggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonda sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari ekilib, keng ko‘lamli yashil hududlar yaratildi. 2030 yilga qadar ushbu maydonning 80 foizini yashil qoplamalar bilan ta’minlash rejalashtirilgani ekologik xavfsizlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.»
Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining tashkil etilishi ham bu boradagi amaliy qadamlardan biridir. 2021 yilda BMT Bosh Assambleyasida O‘zbekistonning Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish tashabbusi ilgari surilib, barcha davlatlar tomonidan ma’qullandi. Bu qarorlar O‘zbekistonning Orol muammosiga alohida e’tibor qaratayotgani va xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi davlat dasturlari va xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib bormoqda. Markaz tomonidan cho‘l o‘simliklarini ekish, ko‘paytirish, uzoq muddat genbankda saqlash bo‘yicha ilmiy asoslangan texnologiyalar ishlab chiqilmoqda, iqlimga chidamli navlar mahalliy sharoitga moslashtirilmoqda. Shuningdek, Orolbo‘yidagi cho‘llanishga qarshi kurashish jarayonlariga innovatsion yondashuvlar joriy etilmoqda. Markaz faoliyati natijasida bioxilma-xillikni asrab-avaylash maqsadida urug‘lar genbanki tashkil etilgan, tuproq sho‘rlanishini kamaytirish va aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladigan ilmiy-amaliy loyihalar yo‘lga qo‘yilgan.
«Shu bilan birga, suv resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani barqaror rivojlanishga jiddiy xavf sifatida baholandi. Prezidentimiz tomonidan O‘zbekistonda suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumini o‘tkazish tashabbusi ilgari surilib, uning yakunida global miqyosda suv inqirozini bartaraf etish uchun innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan maxsus «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish rejalashtirilmoqda.
Bu borada ham markaz turli ilmiy tadqiqotlar olib borib, suvni tejash texnologiyalarini mahalliy qishloq xo‘jaligi tizimiga joriy etish, qayta tiklanadigan suv manbalarini o‘rganish va xalqaro ekspertlar bilan tajriba almashish ishlarini amalga oshirmoqda.
O‘tgan davr mobaynida Markaz ilmiy tadqiqotlar olib borish va loyihalarni amalga oshirish jarayonida bir qator xalqaro va mahalliy tashkilotlar, shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan samarali hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi. Jumladan, 70 dan ortiq xorijiy va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim va memorandumlar imzolanib, 20 dan ortiq ilmiy-amaliy va innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Bu loyihalar muqobil yashil energiya, akvakultura, intensiv bog‘dorchilik, dorivor o‘simliklar yetishtirish, resurs tejovchi texnologiyalar va ijtimoiy dasturlarni qamrab olgan. Amalga oshirilayotgan loyihalarning har biri Orolbo‘yi uchun uzoq muddatli yechimlarni yaratishga qaratilgan.
Xalqaro hamkorlar qatoriga BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP), Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA, BAA), Sinszyan ekologiya va geografiya instituti (Xitoy), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Global yashil o‘sish instituti (GGGI), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va boshqa nufuzli tashkilotlar kiradi.
«Iqlim o‘zgarishi oqibatida aholining majburiy ko‘chishi (migratsiya) ortib borayotgani – insoniyat oldida turgan yana bir katta xavf. Bu borada hali aniq xalqaro mexanizmlar yo‘qligi alohida ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz ushbu muammoni hal etish maqsadida keng xalqaro hamkorlikka asoslangan Global paktni qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.»
Prezidentimiz tomonidan bildirilgan bu tashabbuslar nafaqat milliy, balki global ahamiyatga ega bo‘lib, ularning barchasi umumiy kelajagimiz uchun xizmat qiladi. Shu bilan birga, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlar ham ushbu tashabbuslarning hayotga izchil tatbiq etilishi va amaldagi natijadorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi o‘zining istiqboldagi rejalarida xalqaro sheriklik ko‘lamini yanada kengaytirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida innovatsion ekotexnologiyalarni, jumladan, cho‘llanishga qarshi choralar va aqlli qishloq xo‘jaligi yechimlarini joriy etishni ko‘zda tutmoqda.
Prezidentimizning Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan tiklanish ishlari, Suv forumi tashabbusi va iqlim migratsiyasi bo‘yicha Global pakt g‘oyasi – va boshqa tashabbus va takliflari jahon hamjamiyatining barqaror rivojlanishiga qaratilgan muhim qadamlardir. Eng muhimi, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi xalqaro hamjamiyat tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi va O‘zbekistonning tashabbuskor yetakchi davlat sifatidagi nufuzini yanada mustahkamladi.
























