Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan loyihalarning tajriba maydonlariga Birlashgan Arab Amirliklaridagi Sho‘r yerlar uchun xalqaro qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA) va Priaral xalqaro innovatsion markazi (IICAS) o‘rtasidagi hamkorlik doirasida ICBA ekspertlar guruhi tashrif buyurdi.
Tashrif davomida delegatsiya sho‘rlangan va qurg‘oqchil hududlar sharoitida innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha erishilgan yutuqlar bilan tanishdi. Ayniqsa, integratsiyalashgan agro-akvakultura tizimi (IAAS) bo‘yicha yangi tajriba loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu tizimda kam sho‘rlangan yer osti suvlari (1–4 ppt) bir vaqtda karp baliqlari, sho‘rga chidamli sabzavotlar va spirulina yetishtirishda qo‘llaniladi.
Tizim resirkulyatsion akvakultura prinsiplari (RAS) asosida tashkil etilgan bo‘lib, suv resurslarining barqaror foydalanishini ta’minlaydi. Baliqchilik chiqindilari dehqonchilikda, undan hosil bo‘lgan oqova suvlar esa spirulina yetishtirishda (asosan yem uchun) alohida tizimda foydalaniladi. Shu bilan birga, spirulinaning boshqa yo‘nalishlarda qo‘llanilishi ham ko‘rib chiqilmoqda.
ICBA ekspertlari loyiha texnologik yondashuvi va uni qurg‘oqchil hududlarda kengaytirish imkoniyatini yuqori baholashdi. ICBA va IICAS vakillari hamkorlikni davom ettirish istiqbollari hamda suv tanqisligi va tuproq degradatsiyasidan aziyat chekayotgan boshqa hududlarda ham shunday yechimlarni joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Tashrif iqlim o‘zgarishlari sharoitida ilmiy asoslangan va kompleks yondashuvlarga asoslangan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish zarurligini yana bir bor ta’kidladi. IICAS direktori B. Xabibullayev ICBA hamkorlariga yaqindan hamkorlik va mintaqa uchun barqaror texnologiyalarni rivojlantirishdagi hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi.