“Abu Dabi rivojlanish jamg‘armasi” (BAA) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qoraqalpog‘istonning tanazzulga uchragan hududlarida barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish” buyicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan loyihasini Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi ICBA, (BAA), O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Orolbo‘yi xalqaro innovasiya markazi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihaning maqsadi – Orol dengizi ekologik inqirozining oqibatlarini yumshatish va iqlim o‘zgarishiga moslashish maqsadida Qoraqalpog‘istonning qiyin hududlari uchun barqaror, iqlimga chidamli ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish va joriy etishdan iborat.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joizdirki, ushbu Qoraqalpog‘istonning tanazzulga uchragan hududlarida barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish loyihasi yaqinda xalqaro Energy Globe Award 2024 nufuzli mukofotining milliy g‘olibi deb topildi.
Bu muvaffaqiyat O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Orolbo‘yi xalqaro innovasiya markazi va Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti kabi bir qator asosiy tashkilotlarning samarali hamkorligi tufayli amalga oshdi. Ayniqsa, Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA)ning yetakchiligi, texnik ekspertizasi va o‘z ishiga sadoqati alohida e’tirofga loyiq. Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi (ADFD) ko‘magida amalga oshirilayotgan bu loyiha xalqaro samarali hamkorlikning yorqin namunasidir.
Bu yutuq yer tanazzuli muammolarini va barqaror rivojlanishni hal qilishda qo‘shma yondashuv muhimligini va loyihaning nafaqat hudud, balki xalqaro miqyosdagi ahamiyatini tasdiqlaydi. Biz ishonch bildiramizki, ushbu loyiha jahon miqyosida namuna bo‘lib, boshqa mamlakatlarni shunga o‘xshash tashabbuslarni amalga oshirishga ilhomlantiradi.
Hozirgi kunda Orolbo‘yi xalqaro innovasiya markazining Mo‘ynoq va Nukus tumanlarida jami 2 gektar maydonda o‘t-emlik galofit o‘simliklarning tajriba-sinov maydonlari tashkil qilindi. Bu maydonlarda turli o‘simlik navlarini o‘rganish va moslashtirish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Jumladan:
- Donli jo‘xorining 23 navi;
- Afrika tarig‘i — 6 namuna, jumladan Foxtail Millet va Pearl Millet IP 8418;
- Bufallo grass
- Oq hamda qizil amarant;
- Loviya Cowpea (IP 9643) namunasi;
- Moshning 4 navi;
- Kungaboqarning 3 navi;
- Makkajo‘xori ekinlari.
Bularning barchasi Orolbo‘yi hududining ekologik xususiyatlariga moslashtirilgan holda ekilib, o‘rganilmoqda. Loyiha natijalari mintaqa qishloq xo‘jaligida barqaror va iqlimga chidamli tizimlarni yaratishga yordam beradi.
Eng asosiysi, bu ekinlar iqlim o‘zgarishiga chidamli bo‘lib, hududdagi oziq-ovqat xavfsizligi muammosini hal qilishda muhim o‘rin tutadi.
Tajriba natijalari shuni ko‘rsatadiki, ushbu o‘simliklar hududning sho‘rlangan, sug‘orish suvi kam miqdorda bo‘lgan yerlariga moslashgan holda yetarli hosil beradi. Bu, o‘z navbatida, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligida yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Loyihaning yana bir muhim yo‘nalishi dehqon-fermerlar va tomorqa yer egalari o‘rtasidagi targ‘ibot ishlaridir. Ushbu maqsadlarda Mo‘ynoq, Qung‘irot, Chimboy va Nukus tumanlarining har birida alohida, dehqon-fermerlar va tomorqa yer egalari ishtirokida qator seminarlar tashkil qilindi. Seminarlarda sinovdan o‘tgan 7 turdagi ekinlarni ekish texnologiyalari, ularning xususiyatlari va hosildorlik ko‘rsatkichlari haqida keng ma’lumot berilib, ularning bilim va ko‘nikmalari oshishiga erishildi.
Bundan tashqari, 500 nafardan ortiq fermerlarga sinovdan o‘tgan ekinlarni ko‘paytirish maqsadida 5248 kg urug‘ tarqatildi. Bu tashabbus nafaqat mahalliy xo‘jaliklarni rivojlantirish, balki hududning ekologik inqirozini yumshatishda ham muhim o‘rin tutadi. Qolaversa, ushbu urinishlar mintaqa qishloq xo‘jaligi salohiyatini oshirish va aholi turmush darajasini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Orol dengizi ekologik inqirozi nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosdagi muammo sifatida e’tirof etilgan. Ushbu loyiha, barqaror qishloq xo‘jaligi tizimlarini yaratish orqali, tanazzulga uchragan hududlarni qayta tiklashda muhim rol o‘ynaydi. Iqlimga chidamli ekinlarni tatbiq qilish va fermerlar malakasini oshirish orqali mintaqa aholisi hayot sifati yaxshilanadi.
Loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar Qoraqalpog‘istonning kelajakda barqaror va ekologik jihatdan xavfsiz hududga aylanishiga ishonch bag‘ishlaydi. Loyihaning natijalariga ko‘ra, hududda yaratilgan tajribalar boshqa mintaqa va davlatlarga ham tatbiq etilishi mumkin.