2024-yilning 24-sentabr kuni “Chang boʻronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish boʻyicha 2024–2030-yillarga moʻljallangan milliy dastur tasdiqlandi.
Dasturning asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
— 2025–2028-yillarda chang boʻronlarini prognoz va monitoring qilish tizimini takomillashtirish hamda aholini barvaqt ogohlantirish tizimini yoʻlga qoʻyish;
— chang va qum boʻronlari oldini olish va oqibatlarini yumshatishda ilgʻor texnologiyalarni joriy etish hamda hududlarda yashil qoplamalarni kengaytirish;
— qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf etish;
— 2026-yilga qadar mavjud yaylovlarning 30 foizini, 2028-yilga qadar – 60 foizini hamda 2030-yilga qadar – toʻliq geobotanik holatini inventarizatsiyadan oʻtkazish, tekshirish va ularning geobotanik xaritalarini tuzish;
— chang boʻronlariga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish;
— 2028-yilga qadar kuchli chang boʻronlari hosil boʻlish surʼatlarini hozirgi holatiga nisbatan 50 foizga qisqartirish;
— chang boʻronlariga qarshi kurashishga qaratilgan ekologik taʼlimni kuchaytirish.
Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrining 12 ta tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stansiyalar oʻrnatish ishlari boshlanadi. 2026-yil 1-yanvardan esa aholining keng qatlamlari va jamoatchilikni atmosfera havosining sifati boʻyicha ishonchli maʼlumotlar bilan taʼminlash maqsadida Toshkent shahri hududida oʻrnatilgan maxsus monitor va tablolarda majburiy ravishda atmosfera havosining ifloslanish darajasi hamda gidrometeorologik maʼlumotlar eʼlon qilib boriladi.
Bundan tashqari, Yashil Markaziy Osiyo fondi va Markaziy Osiyo iqlim masalalari markazini tashkil etishning konseptual asoslari ishlab chiqiladi.
Shuningdek, qarorga koʻra:
— 2030-yildan Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlarida joylashgan isitish va elektr energiya ishlab chiqarish korxonalariga yoqilgʻi sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi. Bunda 2025-yilning kuz-qish mavsumidan boshlab zaxira yoqilgʻi sifatida mazutdan foydalanishga faqat Vazirlar Mahkamasining har yili kuz-qish mavsumi oldidan chiqariladigan qarori asosida ob-havo va texnologik rejimlardan kelib chiqqan holda yoʻl qoʻyiladi.
— Toshkent shahriga tutash tumanlarda joylashgan 1,2 mingdan ortiq issiqxonalarda foydalanilayotgan koʻmir yoqilgʻisining atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatiladi hamda bunday uskunalarni oʻrnatish uchun issiqxona xoʻjaliklariga subsidiya ajratish mexanizmi joriy qilinadi;
— 2025–2030-yillar davomida Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlaridagi jami 441 gektar yer maydonlarida “yashil belbogʻ” va “yashil bogʻlar” tashkil qilinadi;
— 2028-yildan boshlab “Yevro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisidan foydalanish va sotish bosqichma-bosqich cheklanadi.
Bundan tashqari, dasturda quyidagilar ham rejalashtirilgan:
— Toshkent shahrining diqqatga sazovor koʻchalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil etish;
— “Shahar – piyodalar uchun” shiori asosida jamoat transportiga har tomonlama ustunlik berilishini taʼminlash;
— Toshkent shahri hamda har bir tumanining ekologik “master-reja”sini ishlab chiqish;
— sanoat korxonalarida zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish va eskilarini almashtirish;
— mikroiqlim moʻtadilligini taʼminlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy taʼsir etish maqsadida sunʼiy suv havzalarini barpo etish;
— atmosfera havosi bilan bogʻliq xavflar va uning salbiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha uslubiy qoʻllanma ishlab chiqish hamda zararli taʼsirni kamaytirishga qaratilgan koʻrsatuvlar, ijtimoiy roliklar tayyorlash.
Bu chora-tadbirlar, tabiiyki, mamlakatimizda ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, chang boʻronlariga qarshi kurashish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tiklash, ihota daraxtzorlarini barpo etish orqali chang boʻronlari sodir boʻlish xavfini kamaytirish hamda ularning salbiy oqibatlarini yumshatishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi