19-iyun kuni Toshkentda O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Jahon banki va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit dasturi (UNEP) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda toza havo bilan kelajak qurish” shiori ostida birinchi oliy darajadagi siyosiy mintaqaviy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Mintaqaviy muloqot Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning turli davlat idoralari vakillarini jamladi. Tadbirda Osiyo va Yevropadan havo sifatini boshqarish sohasidagi yetakchi mutaxassislar ham ishtirok etdi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad mintaqa davlatlari o‘rtasida muvofiqlashtirilgan harakatlarni rag‘batlantirish va havo ifloslanishining oldini olish sohasida bilim almashishdan iborat. “O‘zbekiston Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari kabi havoning ifloslanishi bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda va biz bu muammo shoshilinch va samarali choralarni talab qilishini tushunamiz. Bu borada hamkorlik va tajriba almashish muhimligini tan olamiz, chunki ekologik muammolarning chegarasi yo‘q. Ushbu tadbir bilim almashish, istiqbolli yondashuvlarni muhokama qilish va mamlakatlarimizdagi havo sifatini yaxshilashga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun samarali maydonga aylanadi”, — dedi O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov. Tadbir davomida ishtirokchilar Markaziy Osiyo mamlakatlarida havo sifatini boshqarish sohasida hukumat chora-tadbirlari va amaliyotini o‘rgandilar. Atmosfera havosining ifloslanishi ta’siri bo‘yicha ma’lumotlar almashish metodologiyasi taqdim etildi va havo sifatini boshqarish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni jadallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Muloqotda ishtirok etayotgan mamlakatlar vakillari o‘z hukumatlarining hamkorlikni chuqurlashtirish va havo sifatini yaxshilash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha qat’iy pozitsiyada ekanligini tasdiqladilar. “Havo sifatini boshqarish murakkab jarayon bo‘lib, havo ifloslanishi manbalarini tushunish va tegishli tarmoqlardagi vaziyatni yaxshilash choralarini belgilashni talab qiladi. Ushbu chora-tadbirlar yanada batafsil ma’lumotlar, qo’shni davlatlar o’rtasida uyg’unlashtirilgan samarali qonunchilik, kuchli davlat institutlari va rivojlangan yashil infratuzilmani talab qiladi. Birgalikda harakat qilish orqali Markaziy Osiyo davlatlari mintaqa havosini yanada tozalashga erishish mumkin!”, – dedi Jahon bankining atrof-muhit, tabiiy resurslar va moviy iqtisodiyot bo‘yicha global direktori Valeri Hikki. Ta’kidlash joizki, havoning ifloslanishi global muammo hisoblanadi. Har yili 7 millionga yaqin odam havo ifloslanishidan kelib chiqadigan kasalliklardan vafot etadi. Atmosferaning ifloslanishi inson salomatligiga ta’siridan tashqari, yiliga 8 trillion dollardan ko’proq baholangan katta iqtisodiy yo’qotishlarga olib keladi. Atrof-muhitga katta zarar yetkazadi. Markaziy Osiyoda, dunyoning boshqa qismlarida bo’lgani kabi, shahar va qishloqlardagi havo sifatiga sanoat, issiqlik tarmog’i va transportda qazib olinadigan yoqilg’ining yonishi natijasida mahalliy ifloslanish natijasida kelib chiqadigan transchegaraviy ifloslanish ta’sir ko’rsatmoqda. Bundan tashqari, shaharlarda ifloslanish manbalaridan biri qum va chang bo’ronlarining kuchayishi hisoblanadi. Markaziy Osiyodagi havo sifati bilan bog’liq kasalliklarning aksariyati va erta o’limlar diametri 2,5 mikron yoki undan kam (PM2.5) bo’lgan mayda zarrachalar bilan bog’liq. Mintaqaning yirik shaharlarida ularning konsentratsiyasi ko’pincha Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan tavsiya etilgan havo sifatining ruxsat etilgan ko’rsatkichlaridan bir necha baravar yuqori. Bu, ayniqsa, qish mavsumida issiqlik tarmog’ining jadal ishlashi davrida seziladi. Global havo sifatini kuzatuvchi IQAir portali ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo shaharlari ko‘pincha dunyoning havosi eng ifloslangan shaharlar qatoridan joy oladi.