Toshkentda Sho‘rlangan tuproqlar xalqaro tarmog‘i (INSAS)ning ikkinchi yig‘ilishi ochildi. Ushbu tadbir bilan parallel ravishda, Yevroosiyo tuproq hamkorligining oltinchi yalpi yig‘ilishi va Sho‘rlangan tuproqlarni tahlil qilish bo‘yicha Global tuproq laboratoriyalari tarmog‘ining treningi ham o‘tkazilmoqda. Yerni, tuproqni bejiz “Ona zamin” deb ulug‘lamaymiz. Insoniyatning farovonligi, kelajagi tuproqning sozligi va salomatligiga bog‘liq. Tuproqning sho‘rlanishi undan noto‘g‘ri foydalanish, o‘g‘itlarni ortiqcha yoki nooqilona qo‘llash, o‘rmonlarning kesilishi, dengiz sathining ko‘tarilishi va boshqa sabablarga ko‘ra sodir bo‘ladi. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi ushbu muammoni yanada chuqurlashtirdi. Zero, prognozlarga ko‘ra, dunyo miqyosida qurg‘oqchilikka uchragan yer maydoni XXI asr oxiriga borib 23 foizga yetishi mumkin. Toshkentda o‘tkazilayotgan tadbirlar kun tartibidan aynan shu muammolarni hal qilish yo‘llarini izlash masalalari joy olgan. Besh kun davomida 20 ga yaqin mamlakatdan 50 ga yaqin xalqaro miqyosda tan olingan mutaxassis-olimlar o‘z bilim va tajribalarini o‘rtoqlashadilar, shuningdek O‘zbekistonda bu sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishadilar. Bu haqda Sho‘rlangan tuproqlar xalqaro tarmog‘i (INSAS) muvofiqlashtiruvchisi Mariya Konyushkova shunday dedi: “Bugun biz uchun tantanali kun. Biz Toshkentga Sho‘rlangan tuproqlar xalqaro tarmog‘ining yig‘ilishini o‘tkazish uchun yig‘ildik. Bu yig‘ilish beshta tadbirni o‘z ichiga oladi. Birinchi kun konferensiya o‘tkazilsa, ikkinchi-uchinchi kun treninglar va texnik sessiyalarni o‘z ichiga oladi. Keyin esa, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sho‘rlangan yerlar tomon yo‘l olamiz. U yerda sho‘rlangan tuproqlar qanday boshqarilayotganligini ko‘zdan kechiramiz, o‘z takliflarimizni beramiz, tadbirda qatnashayotgan xalqaro ekspertlar bilan muhokama qilamiz. INSAS 125 ta mamlakatdan 700 nafar mutaxassisni qamrab oladi va tarmog‘imizning asosiy maqsadi butun dunyoda sho‘rlangan tuproqlarni himoyalash va qo‘riqlash hamda holati yomonlashmasligi uchun sho‘rlangan tuproqlarni boshqarishdan iborat. Biz taklif etadigan asosiy yechimlar quyidagilardan iborat: sho‘rlangan yerlar keng tarqalgan hududlarda dehqonchilik usullarini, umuman agro oziq-ovqat tizimini o‘zgartirish kerak bo‘ladi, sho‘rlangan yerlarda ham unib-o‘sadigan ekinlarni ekish talab etiladi. Bunday o‘simliklar jami floraning 1 foizidan kamrog‘ini tashkil qiladi. Shunday bo‘lsa ham, odamlar ular haqida ko‘proq xabardor bo‘lishlarini va ko‘proq qo‘llashlarini istar edik. Yana bir yechim – bu tuproqning unumdorligini oshirish, suv-fizik xususiyatlarini, uglerodga to‘yinganligini boshqarishdir”. FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyiha rahbari Muhammadjon Qosimov yerlarning sho‘rlanishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo oldidagi dolzarb muammo ekanini qayd etib, Toshkent anjumani barcha ishtirokchi-davlatlar uchun birdek manfaatli ekanligini ta’kidlaydi: “Qishloq xo‘jaligi yerlarining sho‘rlanishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyodagi global muammolardan biri sanaladi. U qishloq xo‘jaligi taraqqiyotining barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, qishloq xo‘jaligida milliardlab zarar ko‘rish yoki milliardlab qo‘shimcha xarajatlar qilishga olib kelayotgan muammodir. Mana shu muammolarning yechimi “Yer sho‘rlanishini boshqarish” deb umumlashtirib aytiladi. U sho‘rlanishga qarshi chora-tadbirlarni, sho‘rlanishga chidamli ekinlarni ekish, zaruriy texnologiyalarni, innovatsion usullarni qo‘llash kabilarni o‘z ichiga oladi va vakillari bugungi tadbirda qatnashayotgan barcha mamlakatlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan bugungi tadbirda sho‘rlangan tuproqlarni barqaror boshqarish, sho‘rlanish oqibatlarini minimallashtirish, sho‘rlanganlik sharoitida ham barqaror qishloq xo‘jaligini yuritish masalalariga e’tibor qaratiladi. Tadbirda Xitoy, Yaponiya va boshqa davlatlardan nufuzli, xalqaro miqyosdagi olimlar, ekspertlar qatnashib, o‘z bilim-tajribalarini o‘rtoqlashadilar. Bu esa, nafaqat O‘zbekiston, balki tadbir ishtirokchilari bo‘lmish barcha mamlakatlar uchun katta ahamiyat kasb etadi”. Aytish kerakki, O‘zbekistonda bu yo‘nalishni qamrab oluvchi bir qancha davlat dasturlari mavjud. Bu boradagi ishlar keyingi yillarda prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qarorlar bilan yangi bosqichga ko‘tarildi. yer resursidan foydalanishga oid farmon va konsepsiyalar, suv xo‘jaligi yo‘nalishida qabul qilingan konsepsiya va strategiyalar o‘z samarasini bermoqda. Mavzuni Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti direktori, biologiya fanlari doktori Shuhrat Bobomurodov davom ettiradi: “Bu tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatimizda sho‘rlanishga, tuproqlar degradatsiyasiga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar, islohotlarga xalqaro hamjamiyatning munosabati deb bilaman. Sho‘rlanish – dunyo miqyosidagi, global muammo. Boisi – FAO tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda yer yuzidagi tuproqning 9 foizi sho‘rlanishga uchragan. Yoki butun dunyodagi lalmi yerlarning 10 foizi sho‘rlangan yerlar sanaladi. Bu esa, sho‘rlanish muammosini global hamjamiyat birgalikda hal qilishga chorlamoqda. Keyingi yillarda respublikamizda sho‘rlanishga qarshi davlatimiz rahbarining, Vazirlar Mahkamasining qarorlari chiqqan. Chunonchi, 2022 yil 10 iyunda Prezidentning “yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Unda sho‘rlangan yerlar maydonini yaqin besh yil ichida kamaytirish chora-tadbirlari belgilandi. Bugungi kunda sho‘rlanish qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi, kelajak avlodga tuproqni sog‘lom holda qoldirish muammolarini keltirib chiqarmoqda. Hozirda Tuproqshunoslik va agrokimyo instituti va umuman, respublikada tuproqshunoslik bilan shug‘ullanayotgan olimlar va mutaxassislar birgalikda kurashishi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqib, dasturlar qabul qilingan”. Sho‘rlanish muammosini bartaraf etishda eski uslublar ish bermaydi. Binobarin, dunyo olimlari sho‘rlanishga qarshi kurashishning innovatsion texnologiyalarini taklif etmoqdalar. Bu texnologiyalar respublikamizda ham samarali qo‘llanilyapti. Xususan, yurtboshimizning tashabbuslari bilan Orolning qurigan tubida sho‘rlanishga qarshi kurash, tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan amaliy tadbirlar tahsinga sazovor. “Tuproqsifattahlil” DUK yetakchi mutaxassisi Dilbar Sobirova ushbu muhim tadbir haqida shunday dedi: “Biz Sho‘rlangan tuproqlar xalqaro tarmog‘i, Yevroosiyo tuproq hamkorligi yig‘ilishlari hamda Sho‘rlangan tuproqlarni tahlil qilish bo‘yicha Global tuproq laboratoriyalari tarmog‘ining treningida qatnashmoqdamiz. Ularda sho‘rlangan yerlar, sho‘rlanishga qarshi kurashish va bu boradagi chora-tadbirlarni takomillashtirish masalalari ko‘rilmoqda. Anjumanning ikkinchi kunida “Tuproqsifattahlil” DUK tahlil laboratoriyasida amaliy tadbir o‘tkaziladi. U amaliy mashg‘ulotlarni, tuproqning elektr o‘tkazuvchanligi, Ph-darajasini aniqlash bo‘yicha tahlillarni o‘z ichiga oladi. Laboratoriyamiz sho‘rlangan tuproqlar bilan ko‘p yillardan beri shug‘ullanadi va aynan bizda bunday trening o‘tkazilishidan mamnunmiz. Aytish kerakki, tahlil markazimiz bugungi kunda kerakli bo‘lgan barcha zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan”. 30 dan ziyod mamlakatlardan kelgan soha mutaxassislari uchun sho‘rlangan tuproq tahlil bo‘yicha trening aynan “Tuproqsifattahlil” DUKda uyushtirgani bejiz emas. “Tuproqsifattahlil” O‘zbekistonda yagona xalqaro sertifikatga ega tuproqshunoslik laboratoriyasiga ega bo‘lib, u bergan xulosalar butun dunyoda tan olinadi. Tuproqshunoslik laboratoriyalari global tarmog‘i (GLOSOLAN)ning treninglarini xalqaro ekspertlar va INSAS vakillari o‘tkazdilar. Tadbir ishtirokchilari tuproqning fiziologik, biologik, kimyoviy va gidrologik xususiyatlari bo‘yicha raqamli xaritalar yaratish uchun elektr magnit induksiya uskunalari va ma’lumotlaridan foydalanishni o‘rgandilar. Bundan tashqari, tuproq degradatsiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari kabi sho‘rlangan tuproq monitoringining insonlar daromadiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan muhim jihatlarini tadqiq qildilar. FAO tuproqshunoslik bo‘yicha mutaxassisi Magdelin Vlasimski treninglardan ko‘zlangan maqsadlarga to‘xtaldi: “Maqsadimiz – trening qatnashayotgan mintaqaviy va xalqaro ishtirokchilarni sho‘rlangan tuproq tahlilining ilg‘or uslublari bilan tanishtirish. Tuproq tahlili bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarimizni birlashtirishimiz nihoyatda muhim. Zero tuproq chegara bilmaydi, shu sababli bir mamlakatdagi tuproq qoplamasi bilan bog‘liq muammolar chegaraning u tomonidagi tuproq holatiga, shuningdek o‘zaro bog‘liq ekotizimlarning umumiy holatiga ta’sir ko‘rsatadi. Tuproq tahliliga yagona yondashuvlarni ilgarilatish va bu boradagi faoliyatni yangi sifat darajasiga olib chiqish uchun, turli mamlakatlardagi ma’lumotlarni qiyoslash va sho‘rlangan tuproq muammosini hal qilish yo‘lida yanada samarali uslublarni topish imkoniga ega bo‘lish maqsadida birgalikda ish olib boramiz”. Toshkentdagi tadbirlar yakunlangach, butun dunyodan tashrif burgan tuproqshunos mutaxassislar Qoraqalpog‘iston Respublikasiga yo‘l oldilar. U yerda Mo‘ynoq shahrida bo‘lib, sho‘rlangan tuproqlar qanday boshqarilayotganligini o‘rganadilar, o‘zaro muhokamalar asosida tavsiyalar ishlab chiqadilar.