O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 77-sessiyasidagi nutqidagi muhim mavzulardan biri iqlim o’zgarishiga qarshi kurash bo’ldi.
Ta’kidlanganidek, O’zbekiston «yashil» kun tartibining dolzarb masalalarini ilgari surish va iqlim o’zgarishi jarayonlarini jilovlash borasidagi ko’p tomonlama sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishga tayyordir.
Respublika Parij kelishuvi doirasida issiqxona gazlarini kamaytirish bo’yicha qo’shimcha majburiyat olgani, «yashil» iqtisodiyotga o’tish va qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish bo’yicha keng qamrovli strategiyani amalga oshirayotgani qayd etildi.
77-sessiya ishtirokchilarining e’tibori O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kelgusi besh yil ichida butun mamlakat bo’ylab 1 milliard daraxt va buta ekishni nazarda tutuvchi «Yashil makon» keng ko’lamli tashabbusiga qaratildi.
O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Orol dengizining qurishi muammosiga alohida to’xtalib o’tdi. Respublikada ushbu ekologik falokat oqibatlarini yumshatish, Orolbo’yi mintaqasini ekologik va gumanitar inqiroz hududidan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasiga aylantirish bo’yicha tizimli ishlarni olib bormoqda. Xususan, so’nggi 5 yil ichida qurigan dengiz tubida 1,7 million gektar o’rmon plantatsiyalari o’tqazildi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021-yil may oyida BMT Bosh Assamleyasi «Orolbo’yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to’g’risida»gi maxsus rezolyutsiyani qabul qilindi.
V.Norov yaqin muddatda mamlakatimizda sohaga doir qator xalqaro tadbirlar, shu jumladan, BMT shafeligida O’zbekistonda Birinchi Orolbo’yi xalqaro forumi, BMTning yovvoyi hayvonlarning ko’chib yuruvchi turlarini saqlash to’g’risidagi konventsiyasi tomonlarining 14-konferensiyasini, shuningdek Cho’llanishga qarshi Konventsiyani amalga oshirishni ko’rib chiqish bo’yicha Qo’mitaning navbatdagi yig’ilishi o’tkazilishini e’lon qildi.
Манба: https://mfa.uz/32415