Orolbo‘yida yangi loyihaga start berildi (“Xalq so‘zi”)

Joriy yilning 30 mart kuni Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida Nukus yoshlar texnoparkini borib ko‘rish chog‘ida “Yashil” texnologiyalarga asoslangan innovasion loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, uni amaliyotga kengroq joriy etish borasida ham ko‘rsatmalar bergan edi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 mart kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Partqo‘mi kotibi Ma Sinjuy boshchiligidagi XXR delegasiyasi bilan o‘tkazgan uchrashuvda O‘zbekiston hududlari va SHUAR o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqilgan edi.

Ushbu uchrashuvda kelishib olingan hamkorlik masalalarni va Prezidentimizning Orolning qurigan tubida innovasion usullarni qo‘llagan holda yashil o‘rmonzorlar va yashil qoplamali yaylovlar barpo etish bo‘yicha qo‘ygan vazifalarini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovasiya markazi taklifi bilan Xitoy Fanlar akademiyasi huzuridagi Shinjon ekologiya va geografiya institutining bir guruh olimlari Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi.

Xitoylik delegasiya vakillari bilan uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovasiya markazi direktori B.Xabibullayev va qoraqalpog‘istonlik olimlar ishtirok qildi. Uchrashuvda ikki tomon Orolbo‘yida yashil innovasion g‘oyalarni ko‘proq joriy etish va bu loyihalarning ekologik barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

– Orol dengizi atrofidagi ekologik holatni birgalikda tadqiq qilish masalasini ham kelishib oldik, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovasiya markazi direktori B.Xabibullayev. – Uchrashuvda qiymati 500 ming AQSH dollariga teng “Orol dengizi havzasining ekologik tiklanishida fotoelektr quyosh energiyasini foydalanish tajribasini qo‘llash va namoyish etish” innovasion loyihasini hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi va yangi loyihaga start berildi. Ushbu loyihani tegishli xorijiy va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlikda 2023-2025 yillarda amalga oshirish nazarda tutilgan.

Xitoylik olimlar bilan uchrashuvda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari keng mukohama qilindi. Mehmonlarga Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan ilmiy-amaliy innovasion loyihalar, Orolbo‘yi hududida mavjud ekologik muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha taqdimot qilindi. O‘z navbatida, mehmonlar tomonidan Xitoyning yetuk innovasion texnologiyalarini atrof-muhitni boshqarishga integrasiyalash, sanoat konvergensiyasi va texnologiya integrasiyasi orqali Orol dengizining ekologik muammolarini hal qilish bo‘yicha eksperimentlar hamda namoyishlar o‘tkazishga qaratilgan yangi innovasion loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirdan so‘ng xitoylik delegasiya vakillari Nukus tumanidagi “KPC NUKUS HERBAL TECHNOLOGY” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasida bo‘ldi. Korxona qizilmiya ildizi va ekstraktini Xitoy davlatiga eksport qilib kelmoqda. Mehmonlarga korxonada olib borilayotgan ishlar, sohaga joriy etilgan yangi zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari namoyish etildi. Shuningdek, ushbu tumandagi “Nukus agrofish klaster” faoliyati bilan tanishtirildi. Korxona, asosan, baliq va baliq mahsulotlarini yetishtirish va ularni chet davlatlarga eksport qilish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Korxona so‘nggi zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, yiliga 300 tonna baliq yetishtiradi.

Mehmonlar akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Kegeyli tumanidagi stansiyasi intensiv bog‘ida ham bo‘ldi. Mazkur stansiyada Orolbo‘yining keskin o‘zgaruvchan iqlimi, kuchli tuproq sho‘rlanishi va noqulay tabiiy omillarga moslashgan meva ko‘chatlarini yetishtirish buyicha yangi zamonaviy texnologiyalar asosida keng ko‘lamli ilmiy va amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

E’tiborlisi, xitoylik olimlar bilan hamkorlikda start berilgan yangi loyiha Orolbo‘yining olis hududlarida yashil texnologiyalarni keng joriy qilish, kichik ko‘lamdagi fotoelektr stansiyalari bilan energiya saqlovchi qurilmalar o‘rnatish, quyosh panellari ostida cho‘lga chidamli o‘simliklarni o‘stirish va ko‘paytirish orqali ekologik barqarorlikni saqlashga, hududlardagi aholining turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.

Gʻ.Otajonov,
“Xalq so‘zi”

Полезные ссылки

Международный инновационный центр Приаралья при Министерстве экологии, охраны окружающей среды и изменения климата Республики Узбекистан

Адрес: ССГ Саманбай, Нукус 230100, Республика Каракалпакстан, Узбекистан

Телефон: +998 (61) 225-74-56

Эл. почта: info@iic-aralsea.uz, iic-aralsea@exat.uz

Режим работы: Понедельник-Пятница, с 09:00 до 18:00

Открыть в яндекс.карты